
Oʻzbekistonda har yili 5 million sun’iy intellekt yetakchilari loyihasi doirasida milliy tanlov oʻtkaziladi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilandi.
Qarorga koʻra, sun’iy intellekt boʻyicha eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni ragʻbatlantirish maqsadida tanlov gʻoliblari pul mukofotlari va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi. Xususan, 100 nafar oʻqituvchiga ming AQSh dollari ekvivalentida pul mukofoti, 10 nafar ilgʻor pedagogga xorijiy sayohat uchun yoʻllanma beriladi. Shuningdek, 500 nafar yosh noutbuk, yana 500 nafar yosh qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlanadi. Tanlov yakunlariga koʻra, 3 ta oliy ta’lim muassasasi pul mukofotiga, 2 ta umumta’lim maktabi esa «Prezident sovgʻasi» sifatida elektromobilga ega boʻladi.
Shuningdek, 2030-yilga qadar 4,75 mln nafar oʻquvchi va talaba, 150 ming nafar oʻqituvchi hamda 100 ming nafar davlat xizmatchisi sun’iy intellekt asoslari boʻyicha oʻqitilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt boʻyicha fan va modullar maktab, kasb-hunar va oliy ta’lim tizimlariga bosqichma-bosqich integratsiya qilinadi. Loyihaning asosiy maqsadi raqamli iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlash, yoshlarning texnologik salohiyatini oshirish va sun’iy intellekt sohasida milliy yetakchilarni shakllantirishdan iborat.
Avvalroq Oʻzbekiston SIga tayyorgarlik indeksida 25 pogʻona yuqoriladi.