Yangiliklar

O‘zbekistonda xususiy aviakompaniyalar soni 15 taga yetkaziladi

2030-yilgacha 5 ta yirik aeroport davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinadi
Foto: aapsky / depositphotos.com

O‘zbekistonda xususiy aviakompaniyalar soni 15 taga yetkaziladi. Bu haqda «O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasida ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, xususiy aviakompaniyalar sonini 15 taga yetkazish hamda aviaparkdagi havo kemalar sonini 180 taga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2030-yilgacha 5 ta yirik aeroport davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinib, boshqaruvga beriladi. Rejaga ko‘ra, har yili bittadan aeroport Uzbekistan Airports va xususiy hamkorlar ishtirokida yangilanadi. Loyihalar ijrosi uchun Transport vazirligi mas’ul etib belgilangan.

Strategiya prezidentning 2025-yil 26-dekabrdagi murojaatnomasidan so‘ng qayta ko‘rib chiqildi. Unda so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar va erishilgan natijalar inobatga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalgi tahrirda samaradorligi past hududiy aeroportlarni xususiy investorlar ishtirokida yangilash ko‘zda tutilgan edi. Bu yo‘nalishdagi amaliy qadam sifatida 2025-yil oktabr oyida Urganch aeroportini modernizatsiyalash va boshqarish bo‘yicha Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation bilan davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAirways 2026-yilda ichki reyslar uchun yangi qoidalarni e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.