Soʻnggi oʻn yilda Green Card lotereyasiga arizalar soni ikki baravarga oshdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
9,4 mlndan 21 mlnga
Foto: Keisrobin / Depositphotos

Soʻnggi 10 yil ichida AQShning Diversity Visa (Green Card) lotereyasida ishtirok etish istagida boʻlganlar soni ikki baravarga koʻpaydi. Bu haqda «RIA Novosti» malum qildi.

Nashrning ochiq manbalar tahliliga tayanib xabar berishicha, 2015-yilda dasturga qariyb 9,4 mln kishi ariza topshirgan boʻlsa, 2025-yilga kelib bu koʻrsatkich deyarli 21 mln nafarga yetgan.

Shu bilan birga, gʻoliblar soni deyarli oʻzgarmagan. Agar 2015-yilda 131 ming nafar arizachi tanlab olingan boʻlsa, 10 yildan soʻng ularning soni 125 ming kishini tashkil etdi. Bu arizalar soni oshib borayotganiga qaramay, imkoniyatlar cheklanganicha qolayotganini koʻrsatadi.

Green Card yutib olish AQShda doimiy yashash huquqini avtomatik tarzda bermaydi. Gʻoliblar yillik kvota doirasida immigratsiya vizasi uchun murojaat qilish huquqiga ega boʻladi. Odatda bu kvota 55 ming vizani qamrab oladi.

Dekabr oyida AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi Braun universitetidagi otishma bilan bogʻliq holat sabab Green Card dasturi vaqtincha toʻxtatilganini malum qilgandi. Shuningdek, AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi 30-dekabrdan boshlab Diversity Visa dasturi boʻyicha vizalar berilishi toʻxtatilganini e’lon qilgan.

2025-yil natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Green Card gʻoliblari soni boʻyicha yetakchi boʻldi, ya’ni 5,5 ming nafar arizachi tanlab olingan. Keyingi oʻrinlarda Qirgʻiziston (3 ming), Tojikiston (2,9 ming) va Qozogʻiston (2 ming) qayd etildi. Noyabr oyida esa Donald Trump ma’muriyati 19 ta mamlakat, jumladan, Turkmaniston va Afgʻonistondan kelgan arizachilarning Green Card ishlarini qayta koʻrib chiqish qarorini bildirgan edi.

Shuningdek