Yangiliklar

Venesuela prezidenti va uning rafiqasi Nyu-Yorkka olib kelindi

Ular bo‘lgan samolyot Styuart xalqaro aeroportiga qoʻngan
Foto: ABC News

Maxsus operatsiya chogʻida qoʻlga olingan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Nyu-Yorkka olib kelindi. Ular boʻlgan samolyot Styuart xalqaro aeroportiga qoʻngan.

Ma’lumotlarga koʻra, Venesuela yetakchisi AQSh Giyohvandlikka qarshi kurash boshqarmasining Nyu Yorkdagi shtab-kvartirasiga yetkazilgan. Oq uy xabariga koʻra, Maduro keyinchalik Bruklindagi Metropolitan hibsxonasiga joylashtirilgan. Sud jarayonlari 5-yanvar kuni boshlanishi ehtimoli yuqori.

Maduro qoʻlga olinganidan soʻng Venesuela Oliy sudi vitse-prezident Delsi Rodrigesni prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinladi. Biroq AQSh prezidenti Donald Trump oʻtish davrida mamlakatni Vashington nazorat qilayotganini ta’kidladi. U, shuningdek, Maduroning kishanlangan holatda Nyu-Yorkka olib ketilayotgan suratini ham e’lon qildi. Venesuela rahbari narkoterrorchilik kabi jiddiy ayblovlar bilan yuzlashmoqda.

Foto: ABC News

Vashington operatsiya yakunlangach, AQSh qoʻshinlari Karakasdan olib chiqilganini bildirdi. Shundan soʻng Tramp ma’muriyati brifing oʻtkazib, oʻtish davrida Venesuelani kim boshqarishi masalasiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga, AQShning yirik neft kompaniyalari mamlakatning izdan chiqqan infratuzilmasini tiklash uchun milliardlab dollar sarmoya kiritishi mumkinligi aytildi.

Operatsiya tafsilotlarini sharhlagan Birlashgan shtab boshliqlari qoʻmitasi raisi, general Den Keyn rejaning yuqori aniqlikda ishlab chiqilganini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Gʻarbiy yarimshar boʻylab 150 dan ortiq samolyotlar muvofiqlashtirilgan tarzda harakat qilib, kuchlarni Karakas markaziga kutilmagan vaqtda kiritishga imkon yaratgan.

Ma’lumot uchun, Nikolas Maduro 2013-yilda Hugo Chavez vafotidan soʻng Venesuela rahbariyatini qoʻlga olgan, keyingi saylovlarda gʻalaba qozongan boʻlsa-da, bir qator davlatlar jarayonlarning shaffofligini tan olmagan edi.

Avvalroq Tramp AQSh Venesuelani hokimiyat xavfsiz boʻlgunga qadar vaqtincha boshqarishini aytgan edi.