
Venesuela Oliy sudi mamlakat vitse-prezidenti Delsi Rodrigesni Nikolas Maduro oʻrniga vaqtinchalik prezident etib tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Sud bayonotiga koʻra, ushbu qaror mamlakatda ma’muriy uzluksizlikni ta’minlash va davlat xavfsizligini saqlash maqsadida qabul qilingan. Delsi Rodriges davlat rahbari vakolatlarini vaqtincha oʻz zimmasiga oladi.
Shu bilan birga, Rodriges avvalroq Venesuela davlat televideniyesida chiqish qilib, Nikolas Maduro mamlakatning yagona qonuniy prezidenti boʻlib qolayotganini ta’kidlagan. U AQSh tomonidan amalga oshirilgan harbiy aralashuvni qoralab, hukumat xalqni himoya qilishda qat’iy ekanini bildirgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp The New York Post nashriga bergan qisqa izohida agar Venesuela yangi ma’muriyati AQSh manfaatlariga mos qarorlar qabul qilsa, mamlakatda Amerika qoʻshinlarining doimiy joylashtirilishi shart emasligini aytgan. U, shuningdek, Venesuela muxolifatining ayrim vakillari kelajakdagi boshqaruvda ishtirok etishini istisno qilgan.
Bloomberg nashrining yozishicha, Venesuela masalasida AQSh tomonidan asosiy muvofiqlashtiruvchi shaxs sifatida davlat kotibi Marko Rubio koʻrilmoqda. Nashr manbalariga koʻra, Maduro hokimiyatdan chetlatilgach AQShning Venesueladagi ma’muriy siyosatini aynan Rubio boshqarishi mumkin. Avvalroq Tramp AQSh Venesuelani hokimiyat xavfsiz va qonuniy tarzda topshirilgunga qadar nazorat qilishini bildirgan edi.
Shuningdek, Tramp AQSh kompaniyalari Venesuela neft infratuzilmasini tiklash uchun milliardlab dollar sarmoya kiritishga tayyorligini ma’lum qildi. Bunda ikkinchi bosqich harbiy zarbalar ehtimoli inkor etilmadi, biroq bunga ehtiyoj boʻlishi dargumonligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, 3-yanvar kuni AQSh maxsus kuchlari Venesuelada harbiy operatsiya oʻtkazib, prezident Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qoʻlga oldi. Ular Nyu-Yorkka olib ketilib, narkoterrorizm, AQShga kokain yetkazib berish hamda qurol-yarogʻ saqlash boʻyicha ayblovlar asosida sud qilinishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, AQSh rasmiylari Maduroni ilk bor 2020-yilda narkoterrorizmda ayblagan. 2025-yilda esa uning qoʻlga olinishi uchun e’lon qilingan mukofot miqdori $50 milliongacha oshirilgan edi.