Gadjetlar

150 dollargacha bo‘lgan eng samarali smartfonlar

$145 gacha bo‘lgan segmentda Vivo Y200 GT yetakchi model deb topildi
150 dollargacha bo‘lgan eng samarali smartfonlar
Foto: Vivo

AnTuTu benchmark kompaniyasi 2025-yil yakunlari bo‘yicha eng samarali smartfonlar reytingini taqdim etdi. $145 gacha bo‘lgan segmentda Vivo Y200 GT yetakchi model deb topildi.

Ushbu smartfon AnTuTu sinovida 1036,6 ball to‘pladi. Qurilma Snapdragon 7 Gen 3 protsessori, 6,78 dyuymli AMOLED ekran va 144 Hz yangilanish chastotasiga ega. Batareya sig‘imi 6000 mA/soatni tashkil etadi, tezkor quvvatlash quvvati esa 80 Vt.

Ikkinchi o‘rinni Oppo K12s 5G egalladi. Model 1027,5 ball bilan baholandi. Uning asosiy ustunligi 7000 mA/soatli yirik batareya va energiya tejamkor Snapdragon 6 Gen 4 platformasidir. Smartfon IP65 darajasida chang va suvdan himoyalangan hamda 120 Hz AMOLED ekran bilan jihozlangan.

Foto: AnTuTu

Uchinchi pog‘onadan iQOO Z10x joy oldi. Qurilma 893,6 ball to‘plagan. Smartfon Dimensity 7300 chipseti, 6500 mA/soat batareya va 44 Vt quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, eng yaxshi o‘ntalikdan Redmi brendining uchta modeli o‘rin oldi. Bular Redmi Note 14 5G, Redmi 14R 5G va Redmi Note 15 hisoblanadi.

AnTuTu ma’lumotiga ko‘ra, ushbu reyting matematik formulaga asoslangan. Test ballari JD.com do‘konidagi amaldagi narxga bo‘linadi. Rasmiy savdoda bo‘lmagan yoki yetarli testlardan o‘tmagan modellar ro‘yxatga kiritilmaydi. Kamera sifati yoki ekran yorqinligi kabi subyektiv omillar inobatga olinmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung 20 000 mA/soatlik batareyaga ega smartfonlarni nega ishlab chiqarmasligi haqida yozgan edi.