
Chevrolet tomonidan 2026-yilgi Chevrolet Equinox elektromobili qancha yukni torta olishiga oid ma’lumot e’lon qilindi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda.
Model og‘ir yuklar uchun mo‘ljallanmagan bo‘lsa-da, to‘g‘ri jihozlanganda yengil tirkamalarni tortish imkoniyatiga ega. 2026-yilgi Chevy Equinox EV maksimal 1 500 funt yoki 680 kg yukni torta oladi.
Tortish imkoniyati faqat LT 2 va RS komplektatsiyalarida taqdim etiladi. Old g‘ildirakdan tortuvchi va to‘liq yuritmali versiyalar bir xil ko‘rsatkichga ega. Boshlang‘ich LT 1 talqinida tortish quvvati rasmiy tarzda nazarda tutilmagan.

Tirkama ulash uchun maxsus aksessuarli ilgak talab etiladi. U SDE kodi bilan taklif qilinadi. Trailering Package esa faqat LT 2 va RS uchun opsiya sifatida mavjud. LT 1 talqinida ushbu imkoniyatlar yo‘q.
Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, Equinox EV kichik tirkamalar, yengil sayohat uychalari va sport anjomlarini tashish uchun mos keladi. Tirkama bilan harakatda ayrim haydovchiga yordam tizimlari cheklanishi mumkin. Shuningdek, yurish masofasi ham qisqaradi.

Texnik jihatdan 2026-yilgi Equinox EV General Motorsning BEV3 platformasida yaratilgan. Model Meksikaning Ramos Arizpe zavodida ishlab chiqariladi.
Chevrolet Equinox EV shu tariqa kundalik foydalanish uchun qulay, ammo faqat yengil yuk tortishga mo‘ljallangan elektromobil sifatida bozorga taklif etilmoqda.
Avvalroq Chevrolet Damas yana qaysi davlatlarda sotilishi haqida yozgan edik.