2050-yilda insoniyatni qanday texnologik o‘zgarishlar kutmoqda

eʼlon qilindi
Kelgusi 25 yilda oyda bazalar paydo bo‘lishi kutilmoqda
Foto: Space

Texnologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislar va futurologlar 2050-yilga kelib sun’iy intellekt, kibernetika hamda kosmosni o‘zlashtirish inson hayotini qanday o‘zgartirishi haqida o‘z prognozlarini e’lon qildi. Bu haqda BBC nashri xabar bermoqda.

Foto: MIT News

Nanotexnologiya markazi professori Stiven Bramvellning ta’kidlashicha, 2050-yilga borib mashinalar, elektronika va biologiya o‘rtasidagi chegaralar sezilarli darajada yo‘qoladi, bu esa dori vositalarini aniq manzilga yetkazish va salomatlikni monitoring qilish uchun nano-implantlardan foydalanish imkonini beradi.

Foto: Cambridge University Press & Assessment

Kibernetika professori Kevin Uorvik shizofreniya kabi kasalliklarni davolashda «chuqur miya elektron stimulyatsiyasi» dorilar o‘rnini egallashini taxmin qilayotgan bo‘lsa, Fan muzeyi direktori Rojer Xayfild har bir insonning «raqamli egizaklari» (virtual nusxalari) yaratilib, ularda dori-darmon va turmush tarzi o‘zgarishlari xavfsiz sinovdan o‘tkazilishini prognoz qilmoqda.

Kvant texnologiyalar
Foto: Facebook

Hisoblash quvvatini inqilobiy darajaga olib chiquvchi kvant kompyuterlari, Nvidia rahbari Jensen Xuangning fikricha, yaqin 20 yil ichida to‘liq amaliyotga tatbiq etiladi. Ta’lim sohasida esa futurolog Treysi Follouz darsliklar o‘rnini «immersiv simulyatsiyalar» egallashini, o‘quv jarayoni esa bolalarning DNKsi va biometrik ma’lumotlariga asoslangan holda real vaqtda moslashuvchi sun’iy intellekt o‘qituvchilari yordamida olib borilishini kutmoqda.

Transport tizimida haydovchisiz avtomobillarning ommalashishi tirbandliklarni tarixda qoldirishi va xususiy yo‘llarda tezlikni soatiga 160 kmgacha oshirish imkonini berishi taxmin qilinmoqda, bu haqda yozuvchi Bill Duglas ma’lum qildi.

Foto: The National Interest

Koinotni o‘zlashtirish borasida jurnalist Syu Nelson 25 yildan so‘ng Oyda yashash uchun mo‘ljallangan bazalar paydo bo‘lishini hamda mikrogravitatsiya sharoitida yetishtirilgan kristallarning sifati yuqoriligi sababli farmatsevtika sanoati kosmosga ko‘chishini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ilon Mask Marsda 2050-yilgacha shahar qurmoqchiligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek