Daniya Bosh vaziri Trampdan Grenlandiyaga oid tahdidlarni to‘xtatishni talab qildi

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen AQSh prezidenti Donald Trampga Grenlandiyani egallash haqidagi tahdidlarni to‘xtatish kerakligini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Keskin bayonot Trampning yordamchisi Stiven Millerning rafiqasi Keti Miller ijtimoiy tarmoqda Grenlandiya xaritasini AQSh bayrog‘i ranglarida tasvirlab, «Tez orada» degan yozuv bilan joylashtirgach yangradi. Frederiksen Daniya va Grenlandiya NATO a’zosi ekanini, AQSh bilan mudofaa kelishuvi mavjudligini eslatib, tarixiy yaqin ittifoqchiga tahdid qilmaslikka chaqirdi. Biroq Tramp Air Force One bortida o‘z maqsadini yana tasdiqlagan.
«Milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan bizga Grenlandiya kerak, Daniya esa buni uddalay olmaydi», – dedi AQSh prezidenti.
Mazkur diplomatik ziddiyat AQSh Venesuelada yirik harbiy operatsiya o‘tkazib, Nikolas Maduroni hibsga olganidan so‘ng kuchaydi. Tramp Grenlandiyani strategik joylashuvi va yuqori texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan mineral boyliklari sababli nazoratga olishni istamoqda. 57 ming aholiga ega Grenlandiya 1979-yildan beri o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga ega bo‘lsa-da, mudofaa va tashqi siyosat Daniya qo‘lida qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShning Grenlandiyani sotib olishi milliardlab dollarga tushishi haqida xabar bergan edi.