
AnTuTu dekabr oyi uchun Android smartfonlar bo‘yicha foydalanuvchilarni eng ko‘p mamnun qilgan smartfonlar reytingini e’lon qildi. Reyting real foydalanuvchilarning ijobiy baholari asosida shakllantirilgan. Ketma-ket ikki oy davomida ro‘yxatga Nubia Z80 Ultra yetakchilik qilmoqda.
Mazkur modeldan foydalanuvchilarning 99,99 foizi mamnun. Smartfon tekis va kesimsiz ekran bilan jihozlangan. Old kamera displey ostiga joylashtirilgan. Qurilmada 7200 mA·soat batareya mavjud. Asosiy kamera 35 mm formatda ishlaydi. Protsessor sifatida Snapdragon 8 Elite Gen 5 qo‘llanilgan.

Ikkinchi o‘rinni OPPO K13 Turbo 5G egalladi. Ushbu modeldan foydalanuvchilarning 98,46 foizi ijobiy baho bergan. Smartfonning asosiy xususiyati ichki sovitish ventilyatoridir. Ventilyator bug‘lantirish kamerasi bilan bevosita bog‘langan. Qurilma Dimensity 8450 chipi va 7000 mA·soat batareya bilan jihozlangan.
Uchinchi pog‘onadan Huawei Mate 70 Pro+ joy oldi. Unda ham foydalanuvchi qoniqishi 98,46 foizni tashkil etdi. Model to‘rt kamerali flagman tizimga ega. Sun’iy yo‘ldosh aloqa qo‘llab-quvvatlanadi. Tezkor quvvatlash quvvati 100 Vt.
AnTuTu ma’lumotiga ko‘ra, ushbu reyting faqat foydalanuvchi baholariga asoslangan. Texnik test ballari yoki narx omili bu jadvalda hisobga olinmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 150 dollargacha bo‘lgan eng samarali smartfonlar haqida yozgan edi.