
Geely Xitoy bozorida yangi Geely Riddara RD6 Mountain Edition va Riddara Horizon High-Altitude Edition gibrid pikaplarini rasman sotuvga chiqardi. Yangi modellar tog‘li va sovuq iqlim sharoitlari uchun maxsus moslashtirilgan.
Riddara RD6 Mountain Edition narxi 139,8 ming yuan ($20 ming) etib belgilandi. Horizon High-Altitude Edition esa 151,8 ming yuanga ($21 ming) baholanmoqda. Har ikkala model NordThor EM-P gibrid tizimi bilan jihozlangan. Ularning umumiy yurish masofasi CLTC sikli bo‘yicha 1 068 kmni tashkil etadi.

Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, 3 800 metr balandlikda ham yurish masofasining 95 foizi saqlanib qoladi. To‘liq yuk bilan avtomobil 55 foizli qiyalikdan ko‘tarila oladi.
Gibrid tizim 1,5 litrli turbomotor va ikkita elektromotordan iborat. Kuch uzatish 3 pog‘onali DHT transmissiya orqali amalga oshiriladi. Umumiy quvvat 260 kVt. Aylanish momenti 914 Nm. Batareya sig‘imi 19,09 kVt/soat bo‘lib, faqat elektr rejimida 100 km yurish imkonini beradi.
Riddara RD6 Mountain Edition murakkab tog‘li va off-road sharoitlariga moslashtirilgan. Minimal burilish radiusi 6,5 metr. To‘rt g‘ildirak mustaqil osma tizimiga ega. All-terrain shinalar o‘rnatilgan. Yuk bo‘lmaganda 0–100 km/soatga 6,3 soniyada tezlanadi. To‘liq yuk bilan esa 8,6 soniyada.

Riddara Horizon High-Altitude Edition esa keskin sovuq iqlimlar uchun ishlab chiqilgan. Model -30°C gacha bo‘lgan haroratda ishonchli ishga tushadi. Batareya izolyatsiyasi kuchaytirilgan. Issiqlik boshqaruv tizimi yangilangan. Muz va qor ustida to‘liq yuritma millisekundlarda moment taqsimlaydi.
Mazkur versiya standart tarzda isitiladigan old o‘rindiqlar va mobil ilova orqali masofadan ishga tushirish funksiyasi bilan taqdim etiladi. Dizayn Mountain Edition’ga o‘xshash. Old qismida qora panelga joylashtirilgan RADAR yozuvi bilan ajralib turadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Geely Galaxy V900 global savdosi 7-yanvarda boshlanishi haqida yozgan edi.