
Honor kompaniyasi yangi Power 2 smartfonini taqdim etdi. Qurilma tarixda birinchi bo‘lib 10 000 mAh’dan ortiq quvvatga ega akkumulyator bilan jihozlandi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, smartfonning uzluksiz ishlash muddati 20 soatdan ortadi. Video ko‘rishda bu ko‘rsatkich 26 soatdan oshadi, navigatsiya uchun 17 soat, o‘yinlarda esa 14 soat ishlash imkonini beradi.
Quvvatlash tizimi 80 Vt quvvatga ega bo‘lib, 27 Vt teskari zaryadlash funksiyasi mavjud. Yangi model 8 mm qalinlikdagi korpus va 216 g vaznga ega, bu katta batareyaga qaramay qulay foydalanish imkonini yaratadi.

Smartfon Dimensity 8500 Elite platformasiga asoslangan va ushbu chipda birinchi bo‘ldi. Qurilmada 12 GB RAM va 256 yoki 512 GB ichki xotira mavjud bo‘lib, mos ravishda LPDDR5X va UFS 4.1 standartlarida ishlaydi.
6,8 dyuymli AMOLED ekran 1200p o‘lchamga ega, 120 Hz yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi, maksimal yorqinligi 8000 kd/m² va PWM chastotasi 3840 Hz. Qurilmada suv va changdan himoya (IP69K) mavjud.
Shuningdek, asosiy kamera 50 MP bo‘lib, qo‘shimcha ravishda 5 MP ultra keng burchakli kamera ham mavjud. Smartfon MagicOS 10 operatsion tizimi va Android 16 asosida ishlaydi. Xitoy bozorida Honor Power 2 smartfoni 385 dollardan sotuvga chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 100 dollarlik Honor Play 10A smartfoni savdoga chiqarilgan edi.