iQOO Z11 Turbo’ning texnik xususiyatlari ochiqlandi

5-yanvar 2026 13:26 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: iQOO

iQOO kompaniyasi yaqin kunlarda taqdim etilishi kutilayotgan iQOO Z11 Turbo smartfoni bo‘yicha dastlabki texnik tafsilotlarni e’lon qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Rasmiy taqdimot yanvar oyiga rejalashtirilgan bo‘lsa-da, qurilmaning xususiyatlari allaqachon ma’lum bo‘ldi.

Brend bergan ma’lumotlarga ko‘ra, iQOO Z11 Turbo AnTuTu testida 3,6 mln ball to‘plagan. Bu ko‘rsatkich Snapdragon 8 Gen 5 platformasidagi OnePlus Ace 6T natijasidan biroz yuqori. Ballar taqsimoti ham ochiqlangan: protsessor – 1 057 948, grafik tezlatkich – 1 157 399, xotira – 572 070, interfeys va tizim optimizatsiyasi – 811 621 ball.

Smartfon 6,59 dyuymli LTPS OLED displey bilan jihozlanishi kutilmoqda. Ekran 1,5K aniqlik va 144 Gts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma 16 GB LPDDR5x tezkor xotira va 512 GB UFS 4.1 doimiy xotira konfiguratsiyasigacha taqdim etiladi.

iQOO Z11 Turbo’ning eng katta ustunliklaridan biri – 7600 mA·soatli akkumulyator bo‘lishi aytilmoqda. Kamera qismida esa 32 megapikselli old kamera hamda Samsung HP5 sensori asosidagi 200 megapikselli asosiy kamera (optik stabilizatsiya – OIS bilan) joy oladi. Qo‘shimcha modul 8 megapikselni tashkil etadi.

Smartfon Android 16 va OriginOS 6 tizimida ishlaydi. Shuningdek, ekran ostiga o‘rnatilgan ultratovushli barmoq izi skaneri, metall ramka, shisha orqa panel hamda IP68/IP69 standartlari bo‘yicha suv va changdan himoya bilan ta’minlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iQOO Z11 Turbo flagman darajadagi xususiyatlar bilan chiqishi kutilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek