Yangiliklar

Maduroni qo‘lga olish chog‘ida 32 nafar Kuba fuqarosi halok bo‘ldi

Halok bo‘lganlar xotirasiga mamlakatda 5 va 6-yanvar kunlari motam e’lon qilindi
Foto: The Guardian

Kuba hukumati AQShning Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha o‘tkazgan amaliyoti chog‘ida o‘zining 32 nafar fuqarosi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlarning barchasi Kuba qurolli kuchlari va razvedka idoralari a’zolari bo‘lgan. Kuba hukumati Maduro hokimiyatga kelganidan buyon uning xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashib kelayotgan edi.

«Xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha o‘z mas’uliyatiga sodiq qolgan vatandoshlarimiz o‘z burchini sharaf va qahramonlik bilan bajardilar. Ular bosqinchilarga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri jangda yoki inshootlarga berilgan zarbalar oqibatida halok bo‘ldi», – deyiladi hukumat bayonotida.

63 yoshli Nikolas Maduro va uning rafiqasi Silya Flores Karakasda AQSh kuchlari tomonidan qo‘lga olinib, Qo‘shma Shtatlarga olib ketilgan. Ayni paytda Maduro Nyu-Yorkdagi hibsxonada saqlanmoqda va dushanba kuni giyohvandlik moddalari savdosi bo‘yicha sud oldida javob berishi kutilmoqda. U 2020-yilda AQSh tomonidan narkoterrorizm fitnasida ayblangan, biroq Maduro bu ayblovlarni doimiy ravishda rad etib kelgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nyu-York meri Maduroning qo‘lga olinishini urush harakati deb baholagani haqida xabar bergan edi.