
CES 2026 texnologiyalar ko‘rgazmasida Mercedes-Benz kompaniyasi mashhur GLC krossoverining to‘liq elektr versiyasini rasman taqdim etdi. Bu haqda Mydrivers nashri xabar berdi.
Yangi model dizayn, texnologiya va texnik imkoniyatlar bo‘yicha brend tarixidagi eng ilg‘or avtomobillardan biri sifatida taqdim etilmoqda.

Yangi GLC ilk bor yoritiladigan radiator panjarasi bilan jihozlandi. Undagi 942 ta polikarbonat nuqta raqamli piksel effektini hosil qiladi. Kuzov dizaynida qiya tom chizig‘i, yashirin eshik tutqichlari hamda orqa bamperdagi aerodinamik qanotchalar e’tiborni tortadi.
Avtomobil 800 voltli platforma asosida ishlab chiqilgan. Elektromotorlar umumiy hisobda 360 kVt (489 ot kuchi) va 800 Nm aylanish momentini ta’minlaydi. Maksimal tezlik 210 km/soatni tashkil etadi. WLTP sikliga ko‘ra, yurish masofasi 713 kilometrgacha yetadi. 330 kVt quvvatli tezkor zaryadlash orqali atigi 10 daqiqada 303 km masofaga yetadigan quvvat to‘plash mumkin.

Salon qismi texnologiyalarga boy: ixtiyoriy tarzda 39,1 dyuymli 4K MBUX HyperScreen o‘rnatiladi. U 1000 ta alohida boshqariladigan LED yoritgichga ega. Avtomobil yangi MB.OS operatsion tizimida ishlaydi. Microsoft va Google sun’iy intellekti asosidagi tizimning javob berish vaqti 100 millisekunddan kam.
Xavfsizlik va yordamchi tizimlar bo‘yicha yangi GLC SAE L2 darajadagi avtonom boshqaruv imkoniyatlariga ega. City Pilot Assist tizimi 10 ta kamera, 5 ta radar va 12 ta ultratovushli datchik orqali ishlaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mercedes-Benz G-Class kabrioletining yangi prototipi namoyish etilgani haqida yozgandi.