Nikolas Maduro AQShda narkotik ayblovlari bo‘yicha sudga tortildi — foto

eʼlon qilindi
Maduro esa barcha ayblovlarni rad etib kelmoqda
Nikolas Maduro AQShda narkotik ayblovlari bo‘yicha sudga tortildi / Foto: Reuters

Venesuelaning sobiq prezidenti Nikolas Maduro AQShda giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq ayblovlar asosida sud oldiga olib kelindi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores 5-yanvar kuni Bruklindagi qamoqxonadan Manxetten federal sudiga olib borildi. Ular narkoterrorizm, giyohvandlik moddalari savdosi, fitna va pul yuvish bilan bog‘liq federal ayblovlar bo‘yicha dastlabki sud eshituviga tortildi.

AQSh Maxsus kuchlari hafta oxirida Karakasda o‘tkazilgan operatsiya davomida Maduroni qo‘lga oldi. Bu AQShning Lotin Amerikasidagi 1989-yildagi Panama amaliyotidan beri eng yirik harbiy aralashuvi sifatida baholanmoqda.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, 63 yoshli Maduro kokain kontrabandasi tarmog‘ini boshqargan va Meksikaning Sinaloa va Zetas kartellari, Kolumbiyaning FARC guruhi hamda Venesuelaning «Tren de Aragua» jinoiy to‘dasi bilan hamkorlik qilgan. Maduro ushbu ayblovlarni rad etib kelmoqda.

Maduroning qo‘lga olinishi xalqaro maydonda keskin munozaralarga sabab bo‘ldi. Rossiya, Xitoy va Kuba AQSh operatsiyasini qoraladi. BMT Xavfsizlik Kengashida ushbu harakatning qonuniyligi muhokama qilinishi kutilmoqda.

Venesuela ichida esa siyosiy vaziyat noaniqligicha qolmoqda, aholi ehtimoliy beqarorlik sabab ehtiyot choralarini ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nyu-York meri Zohran Mamdani Maduroning qo‘lga olinishini urush harakati deb baholagan edi.

Shuningdek