O‘zbekistonda 15 yoshga to‘lmagan bolalar ishlashi mumkinmi

O‘zbekiston Mehnat kodeksi va «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga asosan, 15 yoshga to‘lmaganlarni doimiy yoki og‘ir ishlarga jalb etish taqiqlanadi, lekin qonunchilikda istisnolar mavjud.
15 yoshga to‘lmagan shaxslar faqat ota-onasi yoki vasiysining roziligi bilan mehnat faoliyati olib borishi mumkin. Bunda ish bolaning sog‘lig‘iga va o‘qish jarayoniga zarar yetkazmasligi hamda tasdiqlangan yengil ishlar ro‘yxatiga mos kelishi shart. Ruxsat etilgan faoliyat turlariga sport, madaniyat va san’at (teatr, kino, konsert), shuningdek, axborot va ijodiy sohalar (dizayn, raqamli kontent yaratish) kiradi.
Qonunchilikda ish vaqti bo‘yicha ham qat’iy cheklovlar belgilangan. 15–16 yoshdagi o‘smirlar uchun haftalik ish vaqti 24 soatdan oshmasligi kerak. Agar bola ta’lim olayotgan bo‘lsa, bu muddat haftasiga 12 soatgacha qisqartiriladi. Mehnat faoliyati faqat darsdan keyin yoki ta’til vaqtida amalga oshirilishi lozimligi ta’kidlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yetim bolalar uchun 500 dollarlik shaxsiy depozit hisoblari ochilgani haqida xabar bergan edi.