O‘zbekistonda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash 85 foizga yetkaziladi

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasining takomillashtirilgan loyihasiga ko‘ra, mamlakatda ichimlik suvi xizmatlaridan doimiy foydalanish imkoniyatiga ega aholi ulushi 2030-yilgacha 85 foizgacha oshiriladi.
Bunda ichimlik suvi xizmatlaridan doimiy foydalanish qamrovini joriy yilda 82 foizga, 2027-yilda 83 foizga, 2028-yilda 84 foizga, 2029-yilda 84 foizga yetkazish maqsad qilingan. «O‘zsuvta’minot» AJ ma’lumotlarida keltirilishicha, 2025-yilda aholining 82 foizi allaqachon markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
Shuningdek, Tuyamo‘yin suv ombori hajmini qo‘shimcha 1 mlrd kub metrga kengaytirib, 1,2 mln gektarda suv ta’minotini yaxshilash va ichimlik suv zaxirasini yaratish reja qilingan.
Hujjatda yozilishicha, suvdan oqilona foydalanish madaniyati va suv ishlatish samaradorligi yanada oshiriladi. 2030-yilgacha suv ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv tejovchi texnologiyalari bilan ta’minlash darajasini 100 foizga yetkazish maqsad qilingan. Tomchilab sug‘orish texnologiyasi qamrovi 500 ming gektarga oshiriladi. Suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning yillik quvvati 300 ming gektarga yetkaziladi.
Bundan tashqari, barcha ichimlik suv iste’molchilariga hisoblagichlar o‘rnatish 100 foiz ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zsuvta’minot» AJ ichimlik suvi narxining qanday o‘zgarishi va tariflar shakllanishi nimalarga bog‘liq ekanini ma’lum qilgandi.