O‘zbekistonda qaysi soha vakillari oylik daromadi oshishini ko‘proq kutmoqda

eʼlon qilindi
Respondentlarning 67 foizi kelgusi 12 oy ichida daromadlari oshishini kutmoqda
2025-yilning dastlabki 9 oyida real ish haqi 9,1 foizga o‘sdi
Foto: Ijtimoiy tarmoq

2025-yilning uchinchi choragida O‘zbekistonda aholining iste’mol kayfiyati ijobiy tendensiyalarni saqlab qoldi va umumiy barqarorlik davom etdi. Bu haqda Markaziy bank sharhi e’lon qilindi.

Bu holat, avvalo, daromadlar oshishi bo‘yicha kutilmalarning yaxshilanishi, xarajatlar rejalari barqarorligi, jamg‘arishga bo‘lgan moyillikning kuchayishi hamda kreditga bo‘lgan talabning biroz pasayishi bilan tavsiflanmoqda.

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 67 foizi kelgusi 12 oy ichida daromadlari oshishini kutmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan chorakka nisbatan 1,5 foiz bandga yuqori. Daromadlar o‘sishiga bo‘lgan ishonch asosan 3 – 5 mln so‘m, 7 – 10 mln so‘m hamda 20 mln so‘mdan yuqori daromadga ega aholi qatlamlari orasida kuchliroq shakllangan.

Ishtirokchilarning aksariyati 62 foizi – asosiy daromad manbai sifatida rasmiy ish haqini ko‘rsatgan. Savdo, axborot texnologiyalari va OAV, kommunal va maishiy xizmatlar, turizm hamda ta’lim sohalarida faoliyat yuritayotgan respondentlar orasida daromadlar oshishini kutayotganlar ulushi ayniqsa yuqori bo‘ldi.

Xarajatlar bo‘yicha kayfiyat esa o‘tgan chorak darajasida saqlanib qoldi. Respondentlarning 77 foizi yaqin oylarda xarajatlari oshishini bildirgan. Asosiy xarajat yo‘nalishlari sifatida ta’lim, uy-joyni ta’mirlash va saqlash, sog‘liqni saqlash, shuningdek avtomobil va kundalik maishiy ehtiyojlar qayd etilgan.

Yosh guruhlari kesimida xarajatlar ustuvorligi farqlanadi. Yoshlar ko‘proq ta’lim va uy-joy ta’miriga e’tibor qaratayotgan bo‘lsa, o‘rta yoshdagilar uchun uy-joyni ta’mirlash va sog‘liqni saqlash xarajatlari muhim. Yoshi katta respondentlar esa asosan sog‘liqni saqlash va maishiy xarajatlarga ustuvorlik bermoqda.

Kredit va qarz olish masalasida esa ehtiyotkorlik kuchaymoqda. So‘nggi ikki chorakda kuzatilgan kredit olish kayfiyatining pasayishi uchinchi chorakda ham davom etdi. Respondentlarning 16 foizi kelgusi oylarda kreditga bo‘lgan ehtiyoj kamayishini bildirgan, bu esa o‘tgan chorakka nisbatan 2,4 foiz bandga ko‘p. Kredit olishni rejalashtirayotganlar asosan uy-joy ta’miri, ta’lim, davolanish, to‘y marosimlari va avtomobil xaridi uchun mablag‘ jalb qilishni ko‘zlamoqda.

Jamg‘arishga bo‘lgan moyillik ham oshgan. Jamg‘armaga ega bo‘lmagan respondentlar ulushi 38 foizgacha qisqargan. So‘rovga ko‘ra, respondentlarning 33 foizi bir oygacha yetarli jamg‘armaga ega ekanini, qariyb 16 foizi esa bir oydan uch oygacha yetarli mablag‘i borligini bildirgan. Uch oydan olti oygacha yoki undan ortiq muddatga yetarli jamg‘armaga ega bo‘lganlar ulushi 6 – 8 foiz atrofida.

Shaxsiy moliyaviy holat bo‘yicha baholarda ham ijobiy siljishlar qayd etilgan. O‘tgan yilga nisbatan moliyaviy ahvoli yaxshilangani haqida bildirganlar ulushi oshgan, aksincha, moliyaviy holati yomonlashganini aytganlar kamaygan.

Makroiqtisodiy kutilmalar ham, asosan, ijobiyligicha qolmoqda. Respondentlarning 67 foizi keyingi 12 oyda iqtisodiy o‘sish tezlashishini, 77 foizi esa kelgusi uch yil ichida mamlakat iqtisodiy holati yaxshilanishini kutayotganini ta’kidlagan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda fuqarolar maoshini oladigan bankni tanlash huquqiga ega bo‘lishi haqida yozgandi.

Shuningdek