O‘zbekistonliklardan Gruziyaga kirishda endi tibbiy sug‘urta talab etiladi

eʼlon qilindi
2026-yil 1-yanvardan boshlab
O‘zbekistonliklardan Gruziyaga kirishda endi tibbiy sug‘urta talab etiladi
O‘zbekistonliklardan Gruziyaga kirishda endi tibbiy sug‘urta talab etiladi / Foto: ijtimoiy tarmoq

2026-yil 1-yanvardan boshlab Gruziyaga kiruvchi barcha xorijiy fuqarolar mamlakatda bo‘lishning butun davri uchun amaldagi tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lishi shart. Uzbekistan Airways Gruziya hukumati chet el fuqarolari uchun yangi talab joriy etganini eslatdi.

Tibbiy sug‘urta bo‘lmagan taqdirda 300 lari miqdorida jarima belgilanadi. Bu taxminan 1,3 mln so‘mga teng. Shuningdek, majburiy tibbiy sug‘urta ingliz yoki gruzin tilida rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak. Sug‘urta muddati Gruziyada bo‘lishning butun davrini qamrab olishi shart.

Minimal qamrov talablari quyidagicha belgilangan. Shoshilinch ambulatoriya xizmatlari kamida $5 ming miqdorida bo‘lishi lozim. Statsionar davolanish, jumladan, baxtsiz hodisalar, jarohatlar, kasalliklar, evakuatsiya va repatriatsiya uchun qamrov kamida $30 mingni tashkil etishi kerak. Tog‘li hududlarga sayohat qiluvchilar uchun qo‘shimcha talablar mavjud.

Bundan tashqari, sug‘urta hujjati doimo yoningizda bo‘lishi zarur. U elektron shaklda yoki qog‘ozda bo‘lishi mumkin. Hujjat chegaradan o‘tishda ham, Gruziya hududida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ham talab qilinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda sayohat uchun eng arzon uchta davlat haqida ma’lumot berilgandi. «Tutu» sayyohlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu uch mamlakat orasida Belarus eng arzon yo‘nalish bo‘ldi, bu yerda ikki kishilik bir haftalik ta’til o‘rtacha $995 ni tashkil qiladi.

Shuningdek