O‘zbekistonning eksport hajmi 67 mlrd dollarga yetkaziladi

eʼlon qilindi
Eksportyor korxonalar soni ham oshiriladi
Foto: depositphotos.com

2030-yilga borib respublikaning eksport hajmini $67 milliardga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan «O‘zbekiston–2030» strategiyasida keltirilgan.

Mazkur hujjatda eksport ko‘rsatkichlarini oshirish, eksport bilan shug‘ullanuvchi subyektlar sonini ko‘paytirish, xorijiy bozorlarga yetkazib berilayotgan tayyor va yuqori texnologiyali mahsulotlar ulushini kengaytirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda milliy brendlarni global bozorlarda qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan.

Yangilangan strategiyada yozilishicha, mamlakat eksportining umumiy hajmi 2026-yildagi $40 milliarddan 2030-yilga borib $67 milliardgacha oshirilishi lozim. Unga ko‘ra, 2027-yilda eksport hajmi $45 milliardni, 2028-yilda $52 milliardni, 2029-yilda esa $60 milliardni tashkil etishi kutilmoqda.

Eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sonini oshirish ham muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. 2026-yilda eksportyorlar soni 7,7 mingta bo‘lishi rejalashtirilgan bo‘lsa, 2027-yilda bu ko‘rsatkich 9,1 mingtaga, 2028-yilda 10,8 mingtaga, 2029-yilda 12,8 mingtaga yetadi. 2030-yilga borib esa eksportyor korxonalar soni 15 mingtagacha oshiriladi.

Shuningdek, eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. 2026-yilda bu ulush 55 foizni tashkil etadi. Keyingi yillarda u bosqichma-bosqich oshirilib, 2027-yilda 58 foizga, 2028-yilda 62 foizga, 2029-yilda 66 foizga yetkazilishi, 2030-yilga borib esa 70 foizga chiqishi belgilangan.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston eksporti 30,9 mlrd dollarga yetgani haqida yozgandi.

Shuningdek