O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi uchun faqat bitta davlat bilan muzokara qoldi

Prezidentning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili Azizbek Urunovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston tashkilotga a‘zo bo‘lish uchun faqat bitta davlat bilan ikki tomonlama muzokarani yakunlashi kerak.
U o‘zining LinkedIn sahifasida qaysi davlat ekanini yozmagan. Oxirgi marta Rossiya bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlanib, tegishli protokol imzolangandi. O‘shanda Urunov faqat Tayvan qolganini aytgandi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, JSTga a’zo 34 tadan 33 tasi bilan ikki tomonlama bozorga kirish muzokaralari yakunlandi. 40 dan ortiq muzokara raundlari hamda ishchi guruhning 2 ta yig‘ilishi o‘tkazilib, 200 dan ortiq yozma savollarga javoblar berildi. Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Kanada, Avstraliya va boshqa yirik savdo hamkorlari bilan kelishuvlarga erishildi.
Azizbek Urunov qolgan bitta ikki tomonlama muzokarani yakunlash, ko‘p tomonlama muzokaralar va ishchi guruh hisobotini tugatish, qonunchilikni to‘liq muvofiqlashtirish hamda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakuniga yetkazish — 2026-yil uchun ustuvor vazifalar ekanini ta’kidladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston 2026-yilda 29 ta yangi normativ-huquqiy hujjatni tayyorlashni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.