Olimlar ogohlantiradi: rulda nima qilish xavfli

Avtomobil boshqarayotgan paytda musiqa tinglash ko‘pchilik haydovchilar uchun odatiy holdir. Pleylistlar kayfiyatni ko‘tarish, charchoqni yengish yoki tirbandlikdagi asabiylikni kamaytirish uchun yoqiladi. Biroq olimlar bu odat har doim ham xavfsiz emasligini ta’kidlamoqda.
Ilmiy tahlillarga ko‘ra, musiqa haydovchining e’tiboriga ikki xil ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bir tomondan, u qisqa muddatga hushyorlikni oshiradi, boshqa tomondan esa miya yuklamasini ko‘paytirib, tezlik va masofani nazorat qilishni qiyinlashtiradi. Tadqiqotlarda musiqa tinglab haydaganlar tinch sharoitdagilarga nisbatan ko‘proq xatolarga yo‘l qo‘ygani aniqlangan.
Ovoz balandligi ham muhim omil hisoblanadi. O‘rtacha va baland ovozdagi musiqa tezlikni oshirishga moyillikni kuchaytiradi, sokin musiqalar esa haydash uslubini nisbatan barqaror saqlaydi. Ayniqsa, agressiv va juda hissiy qo‘shiqlar ayrim haydovchilarda xavfli harakatlarga undashi mumkin.
Eng katta xavf tajribasiz haydovchilar uchun qayd etilgan. Ularda musiqa e’tiborni tezroq chalg‘itadi, yo‘ldagi xavfni kechroq payqashga olib keladi va tezlikni oshirish ehtimolini kuchaytiradi. Tajribali haydovchilarda bu ta’sir kamroq seziladi.
Mutaxassislar musiqani butunlay taqiqlash tarafdori emas, biroq haydovchilik staji va yo‘l sharoitini inobatga olishni tavsiya qiladi. Ularning fikricha, tanish qo‘shiqlarni past yoki o‘rtacha ovozda tinglash nisbatan xavfsiz, murakkab vaziyatlarda esa musiqa ovozini kamaytirish yoki o‘chirish e’tibor va xavfsizlikni oshiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtomobilni qishda qanday saqlash kerakligi haqida yozgandi.