Telegram 2026-yil uchun yangilanishlarni e’lon qildi

eʼlon qilindi
iOS foydalanuvchilari uchun mo‘ljallangan ushbu versiyada interfeys yangilanishlari, sun’iy intellekt asosidagi xulosalar hamda maxfiylikni kuchaytirishga qaratilgan bir qator funksiyalar joriy qilindi
Foto: Telegram

Telegram 2026-yil uchun ilk yangilanishini taqdim etdi. iOS foydalanuvchilari uchun mo‘ljallangan ushbu versiyada interfeys yangilanishlari, sun’iy intellekt asosidagi xulosalar hamda maxfiylikni kuchaytirishga qaratilgan bir qator funksiyalar joriy qilindi.

Yangi imkoniyatlardan biri – SI xulosalari. Endilikda kanallardagi uzun postlar avtomatik tarzda qisqa va lo‘nda xulosaga keltiriladi. Bu foydalanuvchilarga yangiliklarni tez ko‘zdan kechirish va vaqtni tejash imkonini beradi. Shuningdek, Tezkor ko‘rish sahifalarining yuqori qismida ham avtomatik SI xulosalari paydo bo‘ladi.

Telegram ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu xulosalar Cocoon deb nomlangan markazlashmagan tarmoq asosida ishlaydi. U ochiq manbali AI modellarga tayanadi va maxfiylikni yuqori darajada ta’minlashga qaratilgan. Har bir so‘rov shifrlanadi, foydalanuvchi ma’lumotlari esa himoyalangan holda saqlanadi. Cocoon platformasi kelajakda boshqa SI ilovalarga ham integratsiya qilinishi mumkin.

Bundan tashqari, iOS uchun Telegram ilovasida Liquid Glass texnologiyasi to‘liq joriy etildi. Endi interfeys bo‘ylab shaffof elementlar va chiroyli yorug‘lik sinish effektlari qo‘llaniladi. Foydalanuvchilar Sozlamalar bo‘limidagi Quvvat tejash rukni orqali ushbu vizual effektlarni boshqarib, unumdorlikni oshirishi yoki batareya sarfini kamaytirishi mumkin.

Telegram 2025-yil yakunlariga ham to‘xtalib o‘tdi. O‘tgan yil davomida platforma 13 ta yirik yangilanishni taqdim etib, 75 dan ortiq yangi funksiyani ishga tushirgan. O‘rtacha hisobda yangilanishlar har 26 kunda chiqarilgan bo‘lsa-da, ayrim holatlarda ular orasidagi tanaffus atigi 8 kunni tashkil qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan xitoylik jinoiy guruhlar Telegram’ni yirik noqonuniy kriptobozorga aylantirayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek