Ukrainadagi urushda qatnashgan buxorolik yigit 3,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Sudlanuvchi janglarda ishtirok etgan va yaralangan
Foto: TASS

Buxoro viloyatining Kogon shahar sudi Rossiya Qurolli kuchlari safida Ukraina hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan 29 yoshli fuqaroga nisbatan hukm chiqardi. Kursiv Uzbekistan sud hujjatlari bilan tanishdi.

Sudlanuvchi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) va 154-1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga kirish) bilan aybdor deb topilib, uzil-kesil 3 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

1996-yilda tug‘ilgan shaxs 2014-yildan buyon Rossiyada ishlab kelgan va 2023-yil aprel oyida ushbu davlat fuqaroligini olgan. 2025-yilning may oyida Magadan shahrida mahalliy fuqaro bilan janjallashib qolgani sababli politsiya tomonidan ushlangan. Unga jinoiy javobgarlikka tortilmaslik evaziga «Maxsus harbiy operatsiya»da qatnashish taklif qilingan.

Qamoqdan qochish maqsadida u Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yil muddatga shartnoma imzolagan. Sudlanuvchi Xabarovsk shahrida 14 kunlik harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, Ukrainaning Zaporojye viloyatidagi jangovar harakatlarga jalb qilingan. 2025-yil 21-iyun kuni dron hujumi oqibatida u bel va oyoq qismlaridan jiddiy jarohat olib, gospitalga yotqizilgan. Jangdagi ishtiroki va jarohati uchun unga $6,2 ming miqdorida sug‘urta puli to‘langan va Rossiya pasporti yangilab berilgan.

Davolanishdan so‘ng 2025-yil oktabr oyida u Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga qaytgan. Kogon shahar IIB xodimlari tomonidan uning telefoni ko‘zdan kechirilganda, harbiy formadagi fotosuratlar va jangovar harakatlarda qatnashganini tasdiqlovchi hujjatlar aniqlangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Vagner» safida xizmat qilgan o‘zbekistonlik uch yilga ozodlikdan cheklangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek