Venesuela AQSh bilan hamkorlik qilmasa, ikkinchi harbiy zarbaga duch keladi — Tramp

eʼlon qilindi
Venesuela rasmiylari esa AQShni mamlakatning neft resurslarini egallashga urinishda ayblagan
Venesuela AQSh bilan hamkorlik qilmasa, ikkinchi harbiy zarbaga duch keladi / Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning qo‘lga olinishidan so‘ng agar uning ma’muriyatidagi qolgan vakillar AQSh bilan hamkorlik qilmasa, mamlakatga yana harbiy zarba berilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Trampning aytishicha, AQSh Venesuelani barqarorlashtirish, narkotrafikni nazorat qilish va neft sanoatini isloh etishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, yaqin vaqt ichida saylovlar o‘tkazish rejalashtirilmagan.

Nikolas Maduro hozirda AQShda hibsda bo‘lib, sud jarayonini kutmoqda. Mamlakat Mudofaa vaziri AQSh zarbasi oqibatida harbiylar va tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lganini bildirgan. Kuba hukumati ham 32 nafar halok bo‘lgan fuqarolar borligini tasdiqlagan.

Maduroning o‘rniga vitse-prezident Delsi Rodrigez vaqtincha rahbar etib tayinlangan. AQSh ma’muriyati bu operatsiyani Maduroni avval qo‘yilgan jinoyat ayblovlari bo‘yicha javobgarlikka tortish bilan izohlagan.

Venesuela rasmiylari esa AQShni mamlakatning neft resurslarini egallashga urinishda ayblagan. Masala BMT Xavfsizlik Kengashida muhokama qilinishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, 3-yanvar tongida Donald Tramp Venesuela hududidagi harbiy obyektlarga zarba berish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Natijada Karakasda bir nechta portlashlar sodir bo‘ldi, shahar ayrim hududlarida elektr ta’minoti uzildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nyu-York meri Zohran Mamdani Maduroning qo‘lga olinishini urush harakati deb baholagan edi.

Shuningdek