Xitoy AQShning Venesuela siyosatiga aralashuvini qabul qilmaydi

Xitoy tashqi ishlar vaziri Vang Yi AQShning Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish tashabbusiga munosabat bildirdi.
Uning aytishicha, hech bir davlat o‘zini dunyo sudyasi sifatida tutishini qabul qilib bo‘lmaydi. Xitoy bunday yondashuv xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanini ta’kidladi.
«Hech qachon biron mamlakat jahon politsiyasi bo‘la olmaydi va hech bir davlat jahon sudyasi bo‘lishni da’vo qilolmaydi. Barcha davlatlarning suvereniteti va xavfsizligi xalqaro qonunchilik doirasida to‘liq himoya qilinishi lozim», – dedi Vang Yi Pekinda Pokiston tashqi ishlar vaziri Ishoq Dar bilan uchrashuvda.
U Venesueladagi voqealarga ishora qilgan, lekin AQShni to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olmagan. Bayonot 63 yoshli Maduroning ko‘zlari va qo‘llari bog‘lanib tushirilgan suratlari ommaga namoyish etilganidan so‘ng berildi. Maduro esa rafiqasi bilan Nyu-York hibsxonasida sud majlisini kutmoqda.
Ma’lumot uchun, Xitoy 2017-yildan beri Venesuelaga iqtisodiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Jumladan, 2024-yilda taxminan $1,6 mlrdlik tovar xarid qilgan. Xitoy xaridlarining yarmi xom neftdan iborat bo‘lib, davlatga tegishli neft kompaniyalari 2018-yilgacha Venesuelaga $4,6 mlrd sarmoya kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nyu-York meri Maduroning qo‘lga olinishini urush harakati deb baholagan edi.