Xorazmda Cobalt poyezd bilan to‘qnashdi — video

2026-yilning 1-yanvar kuni Xorazm viloyatining Shovot tumanida poyezd va Cobalt avtomashinasi o‘rtasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Ushbu YTH soat 14:50 atrofida Shovot tumani Bo‘yrachi mahallasi hududidan o‘tgan, mahalliy ahamiyatga molik 91-02 avtomobil yo‘lining 21-kilometrida yuz bergan. 31 yoshli Cobalt haydovchisi Shovot – Urganch yo‘nalishida harakatlanib kelib, qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasida yo‘l harakati qoidalari va yo‘l belgilari talablariga rioya qilmagan va poyezdga yo‘l bermagan. U svetoforning taqiqlovchi qizil ishorasida harakatlanishi oqibatida to‘qnashuv ro‘y berib, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Hodisa oqibatida avtomobilga jiddiy shikast yetgan, haydovchi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan poyezd kuzatuv kamerasiga yozilgan tasvirlarda lokomotiv mashinisti temiryo‘l kesishmasiga yaqinlashish oldidan ovozli signal bergani, qora rangli Cobalt avtomobili haydovchisi esa bir to‘xtab, keyin yana harakatni davom ettirgani va yo‘lga chiqib ketgani ko‘rinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikada poyezd relsdan chiqishi oqibatida 13 kishi halok bo‘lgandi va 98 kishi jarohatlangan.