1-fevraldan gaz va elektr subsidiyasiga arizalar onlayn qabul qilinadi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Subsidiyalar har oy oxirigacha Xalq banki orqali fuqarolarning bank yoki ijtimoiy kartalariga o‘tkazib beriladi
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
Foto: Mielenkaari

O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalar 1-fevraldan boshlab elektr energiyasi va gaz xarajatlari uchun subsidiya olishga onlayn tarzda murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Bu hukumatning 2025-yil 31-dekabrdagi qarori bilan belgilandi.

Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar arizalarni Yagona milliy ijtimoiy himoya tizimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, davlat xizmatlari markazlari yoki mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali topshirishi mumkin. Arizalar har oyning 16-sanasiga qadar qabul qilinadi va avtomatik tarzda ko‘rib chiqiladi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar subsidiya oluvchi sifatida avtomatik tan olinadi. Shuningdek, har bir oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan daromadi eng kam iste’mol xarajatlarining 1,5 baravaridan kam bo‘lgan kambag‘al va davlat ta’minotidagi oilalar ham kompensatsiya olish huquqiga ega.

Agar oilada ikki va undan ortiq avtomobil, ikki yoki undan ortiq ko‘chmas mulk, shuningdek, nisbatan yangi transport vositalari mavjud bo‘lsa, subsidiya tayinlash rad etiladi.

Subsidiyalar har oy oxirigacha Xalq banki orqali fuqarolarning bank yoki ijtimoiy kartalariga o‘tkazib beriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarni tasdiqlash xarajatlari qoplab berilishi haqida yozgandi.

Shuningdek