2026-yilda O‘zbekiston eksporti hajmi 16 foizgacha o‘sishi mumkin — Markaziy bank prognozi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) 2026-yil uchun jahon iqtisodiy o‘sish prognozlarini qayta ko‘rib chiqdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari – Xitoy, Rossiya, Turkiya va Qozog‘istonda iqtisodiy o‘sish saqlanib qolishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston eksport qiladigan asosiy xomashyo mahsulotlari bo‘yicha ijobiy narx kutilmalari mavjud. Xususan, oltin narxi so‘nggi bir yil ichida qariyb 60 foizga oshib, 1 troya unsiyasi $4 mingdan yuqori shakllandi. Kumush va mis narxlarining o‘sish tendensiyasi ham 2026-yilda davom etishi prognoz qilinmoqda.
Bu yilda xizmatlar eksportida turizm, transport-logistika va IT sohalari asosiy drayver bo‘lib qoladi. Islohotlarning davom etishi xorijiy mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini oshirishi mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi kutilayotgani eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026-yilda umumiy eksport hajmi 2025-yilga nisbatan 14 – 16 foizga oshishi mumkin. Shu bilan birga, yuqori investitsion faollik va ichki iste’mol hisobiga import 12 – 14 foizga ko‘payishi prognoz qilinmoqda.
Pul o‘tkazmalari hajmi ham mehnat migrantlari daromadlarining oshishi hisobiga 12 – 15 foizga o‘sishi kutilmoqda. Ushbu omillar ta’sirida 2026-yil yakunida joriy operatsiyalar hisobining manfiy saldosi YAIMning 3-4 foizi atrofida bo‘lishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonning eksport hajmi 67 mlrd dollarga yetkazilishi haqida yozgandi.