
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro viloyatida AI-95 deya sotilgan benzin tufayli avtomobil ishdan chiqdi, shuningdek, qator hududlarda Damas, Tracker, Onix, Chery, Kia rusumli mashinalar nosoz ekani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘mitaning Buxorodagi hududiy boshqarmasiga fuqaro «Narzulloobod Javohiri» XK yonilg‘i quyish shoxobchasidan olingan 10 litr AI-95 benzin sababli avtomobilida nosozlik yuzaga kelgani haqida murojaat qilgan. Shundan so‘ng servis xulosasi asosida hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, avtomobilga yetkazilgan 14,4 mln so‘m zarar iste’molchiga qoplab berilishi ta’minlangan.
Shu bilan birga, bir nechta hududda turli rusumdagi mashinalar bilan bog‘liq nosozlik yuzaga kelgan.
Motori nosoz bo‘lgan Tracker
Samarqand viloyatida fuqaro «Jizzax Avto Savdo» MChJdan Chevrolet Tracker Premier Plus avtomobilini xarid qilgan. Ammo uning motorida nuqson aniqlangan. Iste’molchining murojaati o‘rganilgach avtosalon nuqsonli avtomobilni xuddi shu narxdagi yangi avtomobil bilan almashtirib bergan.
Eshigi va akkumulyatori nosoz Onix
Galdagi nosozlik Navoiyda aniqlangan. Viloyatning Xatirchi tumanida iste’molchi «Billur Avto Savdo Navoiy» MChJdan Onix sotib olgan. Biroq avtomobilning old eshik qoplamasida nuqsonlar borligi ma’lum bo‘lgan va akkumulyatori nosoz bo‘lib chiqqan. O‘rganishlardan so‘ng avtosalon tomonidan kamchiliklar bartaraf etilgan va akkumulyator sifatlisiga almashtirib berilgan.
Chery’da ham nosozlik
Navbatdagi nosoz holda sotilgan mashina bu – Chery. Surxondaryoda termizlik fuqaroning 173 mln so‘mlik Chery avtomobilida qisqa muddatda nosozlik yuzaga kelgani va ta’mirlab berilmayotgani ma’lum bo‘lgan. Bu bo‘yicha murojaat o‘rganilgan va natijada avtomobil avtosalon tomonidan to‘liq ta’mirlab berilgan.
Texnik nosoz Kia
Toshkent viloyatida esa Kia Sonet mashinasida texnik nosozlik aniqlangan. Avtomobil egasi esa uni ta’mirlash uchun 840 ming so‘m talab qilgan. Natijada «Qibray Avto Markaz» MChJ tomonidan avtomashina moyi va filtri to‘liq yangisiga bepul almashtirib berilgan.
Yangi sotib olingan Damas’da ham nuqson chiqdi
Toshkent shahrida nuqsonli Damas-2 D2 Style Plus avtomobil sifatlisiga almashtirib berildi. Hududiy boshqarma Chinoz tumani fuqarosining «Toshkent Deu» MChJdan xarid qilgan avtomobilida nuqsonlar borligi va sifatlisiga almashtirishda muammolar yuzaga kelgani haqidagi murojaatini o‘rgandi. Natijada avtomobil xuddi shu rusumdagi yangisiga almashtirib berildi.
Puli to‘langan, ammo kechiktirib berilgan Cobalt’lar
Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida Cobalt mashinalari ularni xarid qilgan egalariga kechiktirib berildi. Masalan, G‘uzor tumanida fuqaro «Favorite-Cars-Service» MChJga 2025-yilning 27-yanvar kuni mashina uchun to‘lovni amalga oshirgan, lekin avtomobil belgilangan muddatda yetkazilmagan. O‘rganishlardan so‘ng 10 oy kutilgan avtomobil fuqaroga yetkazib berilgan.
Bundan tashqari, Samarqandda o‘tgan yilning 3-noyabr puli to‘langan Cobalt ham kechiktirilgan holda yetkazib berildi.
Avvalroq «Kursiv» UzAuto Motors O‘zbekistonda yangilangan Chevrolet Damas Max va Chevrolet Damas Move modellarini bozorga chiqarayotgani haqida yozgandi.