Buxoroda noqonuniy ov sabab hayvonot dunyosiga 48 mln so‘m zarar yetkazildi

Buxoroda noqonuniy ov sabab hayvonot dunyosiga 48 mln so‘m zarar yetkazildi. Ekologik nazorat inspeksiyasi viloyatda nazorat reydlarini o‘tkazdi. Tekshiruvlar davomida bir nechta qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.
Xususan, Peshku tumanidagi «Qoraqir» tabiiy suv havzasida 10 nafar fuqaro ruxsatsiz ov qilgani ma’lum bo‘ldi. Ular tomonidan 94 dona yovvoyi o‘rdak va 23 dona qashqaldoq noqonuniy ovlangan. Natijada hayvonot dunyosiga 48,2 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Shuningdek, «Gazli» hududida ikki shaxs saksovul o‘simligini noqonuniy kesish, yig‘ish va tashish bilan shug‘ullangani aniqlangan. Ushbu holat ham qonunbuzarlik sifatida qayd etildi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 117 dona noqonuniy ovlangan qush va 10 kub metr saksovul bo‘laklari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Qo‘mita nazorat reydlari davom etayotganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri va viloyatida bir oyda 1128 ta ekologik huquqbuzarlik aniqlangani haqida xabar berilgandi.