Eron namoyishlari: norozilik tadbirlarida halok bo‘lganlar soni 35 kishiga yetdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
1,2 mingdan ortiq namoyishchilar esa hibsga olindi
Foto: dw.com

Eronning turli hududlarida davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari oqibatida kamida 35 kishi halok bo‘ldi, 1,2 mingdan ortiq namoyishchilar esa hibsga olindi. Bu haqda Deutsche Presse-Agentur (DPA) Eron inson huquqlari faollari tashkiloti Human Rights Activists in Iran va uning HRANA media tarmog‘iga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dekabr oyi oxirida boshlangan noroziliklar kamida 88 shaharni, ya’ni mamlakatning 31 viloyatidan 27 tasini qamrab olgan. Huquq himoyachilari ayrim hududlarda, ayniqsa, kichik shaharlarda xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatganini qayd etmoqda.

Bu holat yirik shaharlarda, jumladan, Mashhad va poytaxt Tehronda noroziliklarning yangi to‘lqiniga sabab bo‘lgan. Namoyishlarga mamlakat bo‘ylab kamida 17 ta oliy ta’lim muassasasi talabalari ham qo‘shilgan. Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, talabalarga javoban kuch ishlatar tizimlar universitet kampuslarida reydlar o‘tkazgan.

Huquq faollarining bildirishicha, halok bo‘lganlarning 29 nafari namoyishchilar, 4 nafari bolalar, yana 2 nafari esa xavfsizlik xodimlaridir. Avvalroq davlat OAVlari Kuxdesht shahridagi namoyish paytida Basij harbiylashtirilgan tuzilmasi a’zosi bo‘lgan 21 yoshli yigit halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

5-yanvar kuni Eron sud hokimiyati namoyishlar chog‘ida hibsga olinganlarga nisbatan hech qanday yon berish bo‘lmasligini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, 2025-yilda mamlakatda qariyb ikki ming kishi qatl etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘p.

Norozilik namoyishlari 2022-yildan buyon Eronda kuzatilgan eng yirik chiqishlar sifatida baholanmoqda. O‘shanda 22 yoshli Mahsa Amini axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olinganidan so‘ng vafot etgani jamoatchilik g‘azabiga sabab bo‘lgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Erondagi norozilik namoyishlari yetti kishining o‘limiga olib kelgani haqida yozgandi.

Shuningdek