
General Motors (GM) AQShda Chevrolet Tracker uchun takliflarni keskin oshirmoqda. Bu haqda GMAutority xabar berdi.
GMAuthority ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil dekabr boshiga kelib dilerlarga yetkazilish arafasida qariyb 12,6 ming dona Tracker bo‘lgan. Bu noyabr boshidagi taxminan 3 ming donalik va oktabr boshidagi 1,5 ming donalik jo‘natmalar bilan solishtirganda keskin «sakrash» hisoblanadi.

Bozorga kirib kelayotgan katta hajm uchinchi chorakdagi sustlashgan sotuvlardan so‘ng taklifni me’yorlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda. 2025-yilning uchinchi choragida Chevrolet Tracker AQShda 49 813 dona sotildi. Bu 2024-yilning shu davridagi 59 299 donaga nisbatan 16 foiz kam.
Yil boshidan sentabr oxirigacha bo‘lgan davr manzarasi yanada ijobiy. 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida Tracker sotuvlari 169 406 donaga yetib, o‘tgan yilning shu davridagi 149 762 donaga nisbatan 13,12 foiz o‘sdi. Demak, uchinchi chorakdagi pasayishga qaramay, model yil davomida talabni saqlab qolmoqda.

Taklifning kengayishi 2026-model yilidagi narx o‘zgarishlari fonida yuz bermoqda. 2026-yil Tracker LS talqini 2025-yilga nisbatan $1,1 mingga qimmatlashdi. 1RS versiyasi $600, LT versiyasi $400 ga oshdi. 2RS va Activ komplektatsiyalarida esa narx $800 ga yuqorilagan. Bu o‘sish yangi jihozlar bilan bog‘liq emas.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tracker avtomobilini sotib olishning 5 asosiy sababi haqida yozgan edi.