Jo Bayden oladigan pensiya miqdori ochiqlandi

AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden davlat hisobidan to‘lanadigan eng yirik pensiya oladigan prezident sifatida tarixga kirdi. Bu haqda New York Post nashri xabar berdi.
Milliy soliq to‘lovchilar uyushmasi jamg‘armasi tahliliga ko‘ra, Baydenning yillik pensiya daromadi $417 mingni tashkil etadi. Bu summa uning prezidentlik davrida olgan $400 minglik yillik maoshidan ham yuqori.
Mutaxassis Demyan Bredining ta’kidlashicha, bunday yuqori pensiya Baydenning AQSh siyosatida o‘nlab yillar davom etgan faoliyati bilan bog‘liq. U senator, vitse-prezident va prezident sifatida ishlagan kam sonli siyosatchilardan biri bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ikki davlat pensiya tizimidan foydalana oladi.
Xususan, Bayden 1958-yilda qabul qilingan «Sobiq prezidentlar to‘g‘risida»gi qonun asosida prezidentlik pensiyasini oladi. Shu bilan birga, u senatorlar uchun mo‘ljallangan fuqarolik xizmati pensiya tizimi orqali ham qo‘shimcha daromadga ega. Ushbu pensiya miqdori Senatda 44 yillik faoliyat va eng yuqori maosh olingan yillar asosida hisoblanadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Bayden senatorlik va vitse-prezidentlik faoliyati uchun yiliga qariyb $166 ming pensiya oladi. Prezident sifatida esa uning yillik pensiyasi hozirgi vazirlar mahkamasi a’zosi maoshiga teng bo‘lib, $250 mingdan oshadi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bu imtiyozlar umrbod saqlanib qoladi.
Bundan tashqari, 2026-yilda AQSh hukumati Bayden uchun ofis, xodimlar va zarur jihozlarni o‘z ichiga olgan qo‘shimcha imtiyozlarga $1,5 milliondan ortiq mablag‘ ajratgan.
Baydenning boshlang‘ich pensiya paketi turmush o‘rtog‘i uchun ajratilgan $18 mingdan ortiq mablag‘ni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Bu esa uning umumiy pensiya daromadini yanada oshiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 82 yoshli Jo Baydenga saraton tashxisi qo‘yilgani haqida yozgandi.