
O‘zbekistonda kichik dvigatel hajmli avtomobillar uchun boj stavkalari oshirildi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda dvigatel hajmi 1 200 sm³ gacha bo‘lgan yengil avtomobillar importi uchun boj stavkalari oshirildi.
Sabab sifatida 2,5 yil avval joriy etilgan imtiyozli boj rejimining muddati yakunlangani ko‘rsatilmoqda. Dvigatel hajmi 1 000 va 1 200 sm³ gacha bo‘lgan avtomobillar uchun bojxona imtiyozi 2023-yil 17-iyuldan kuchga kirgan edi. Ushbu tartib 1 yildan oshmagan yangi yengil avtomobillarni import qilishga tatbiq etilgan.
O‘sha paytda qaror avtomobil bozorida raqobatni kuchaytirish va aholiga arzonroq avtomobillarni taklif qilish maqsadida qabul qilingani aytilgan edi.
Imtiyozli davr mobaynida dvigatel hajmi 1 000 sm³ dan oshmaydigan yangi yengil avtomobillar uchun boj stavkasi 0 foiz etib belgilangan. Dvigatel hajmi 1 200 sm³ gacha bo‘lgan avtomobillar esa 5 foizlik boj asosida olib kirilgan.
Mazkur imtiyoz muddati uzaytirilmadi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab avvalgi, yuqoriroq boj stavkalari qayta joriy etildi. Endilikda dvigatel hajmi 1 000 sm³ gacha bo‘lgan avtomobillar uchun boj stavkasi 15 foizni tashkil etadi. Bunga qo‘shimcha ravishda har bir sm³ uchun $0,4 miqdorida boj undiriladi.
Dvigatel hajmi 1 200 sm³ gacha bo‘lgan avtomobillar importida ham boj stavkasi 15 foiz etib belgilandi. Har bir sm³ hajm uchun esa qo‘shimcha $0,6 to‘lov joriy qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri mahalliy ishlab chiqarilgan elektromobillar uchun 12 foizlik avtokreditlar ajratilishi haqida yozgan edi.