
Ispaniyaning «Leganes B» jamoasi sharafini himoya qilgan o‘zbekistonlik yarim himoyachi Laziz Mirzayev Toshkentning «Lokomotiv» klubi safiga qaytmoqda. Bu haqda jurnalist Narzulla Saydullayev xabar berdi.
Dekabr oyi oxirida «Leganes B» klubi futbolchini O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ixtiyoriga, o‘rtoqlik o‘yinlari va U-23 Osiyo kubogida ishtirok etish uchun qo‘yib yuborgan edi. Biroq Mirzayev jarohat sababli musobaqaning yakuniy qaydnomasiga kiritilmadi.

Laziz Mirzayev «Leganes B» tarkibida debyut uchrashuvini o‘tkazgan bo‘lsa-da, jamoaning asosiy tarkibidan mustahkam o‘rin egallay olmadi. Ma’lumot uchun, Mirzayev shu vaqtga qadar Ispaniya chempionatida faoliyat yuritayotgan yagona o‘zbekistonlik futbolchi hisoblanar edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Neftchi» 24 yildan so‘ng yana mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.