Nikolas Maduro AQSh sudida giyohvandlik moddalari bo‘yicha ayblovlarni rad qildi

eʼlon qilindi
Keyingi sud majlisi 17-mart kuniga belgilandi
Nikolas Maduro AQSh sudida giyohvand moddalari bo‘yicha ayblovlarni rad etdi / Foto: Reuters

Venesuelaning hibsga olingan prezidenti Nikolas Maduro AQShda giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha sudda ishtirok etdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Manxettendagi federal sudda bo‘lib o‘tgan majlisda 63 yoshli Maduro tarjimon orqali ayblovlarni rad etdi. Uning rafiqasi Siliya Flores ham ayblovlarni inkor qildi. Keyingi sud majlisi 17-martga belgilandi.

«Men aybsizman. Men jinoyatchi emasman. Men halol odamman va hanuz mamlakatimning prezidenti bo‘lib qolaman”, – dedi Maduro sud majlisida.

Sudda Maduro xalqaro narkokartellar bilan bog‘liq kokain kontrabandasini boshqarganlikda ayblandi. Unga nisbatan narkoterrorizm, kokain importi bo‘yicha fitna hamda qurol va portlovchi qurilmalarni saqlash bilan bog‘liq ayblovlar ilgari surildi. Maduro bu ayblovlarni rad etib, ayblovlarni mamlakatning neft resurslariga bo‘lgan tashqi manfaatlar bilan bog‘lagan.

Shu orada Karakasda Maduroning vitse-prezidenti Delsi Rodriges vaqtincha Venesuela prezidenti sifatida qasamyod qildi. AQSh razvedkasi uni Maduro yo‘qligida vaqtinchalik boshqaruvni ta’minlay oladigan shaxs sifatida baholagan edi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela bilan urush qilinmayotganini, balki giyohvandlik moddalari savdosiga qarshi kurash olib borilayotganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy AQShning Venesuela siyosatiga aralashuvini qabul qilmasligi haqida yozgan edik.

Shuningdek