
2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda avtotransportni majburiy sug‘urtalash (OSAGO) bo‘yicha yangi tariflar kuchga kirdi. Narxlar Hukumatning 2025-yil 24-iyuldagi 458-qarori asosida belgilangan.
Qarorga muvofiq sug‘urta polisi narxi to‘rt baravarga, sug‘urta qoplamasi esa ikki baravarga oshgan.
Yangi tartibga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yengil avtomobil egalari uchun haydovchilar soni cheklangan OSAGO polisi 192 ming so‘m etib belgilandi. Avval bu summa 48 ming so‘mni tashkil etgan. Haydovchilar cheklanmagan VIP-polisi esa 384 ming so‘mga yetdi. Oldin u 96 ming so‘m edi.
Respublikaning boshqa hududlarida narxlar nisbatan pastroq bo‘lib, yengil avtomobillar uchun cheklangan polis 160 ming so‘m, cheklanmagan polis esa 320 ming so‘m etib belgilandi. Yuk avtomobillari egalari uchun esa OSAGO yanada qimmatlashdi. Jumladan, Toshkent va viloyatda Labo kabi yuk avtomobillari uchun sug‘urta narxi 336 ming so‘mdan 672 ming so‘mgacha yetdi.
Rasmiy izohga ko‘ra, sug‘urta narxlarining oshishiga asosiy sabab kompaniyalar ko‘rayotgan katta moliyaviy zarar bo‘lgan. Xususan, Toshkent shahrida sug‘urta to‘lovlari darajasi 146 foizga yetgan. Bu esa har 100 so‘m yig‘ilgan sug‘urta badali evaziga 146 so‘m to‘lov amalga oshirilganini anglatadi.
Bundan tashqari, avvalgi OSAGO limitlari real yo‘l-transport hodisalarida yetkazilgan zararni qoplash uchun yetarli bo‘lmagan. 14 million so‘mlik limit hatto kichik avariyalarda ham ta’mirlash xarajatlarini to‘liq qoplamagan.
Yangi tizimda umumiy sug‘urta qoplamasi 40 million so‘mdan 80 million so‘mga oshirildi. Shundan 28 million so‘mi boshqa transport vositasiga yetkazilgan moddiy zararni qoplashga, 52 million so‘mi esa sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplashga yo‘naltiriladi. Bu o‘zgarishlar OSAGO imkoniyatlarini kengaytirgan bo‘lsa-da, qimmat avtomobillar bilan bog‘liq yirik avariyalarda to‘liq himoya kafolatini bermaydi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yil 31-dekabr kuni OSAGO polislarini rasmiylashtirgan haydovchilar 2026-yil davomida eski tariflar asosida harakatlanadi. Ular kamroq sug‘urta qoplamasiga ega bo‘lsa-da, taxminan 150 ming so‘m mablag‘ni tejab qolgan.
| Hudud / Transport turi | Yengil avtomobil | Yuk avtomobili |
|---|---|---|
| Toshkent shahri va Toshkent viloyati | 192 000 so‘m | 336 000 so‘m |
| O‘zbekistonning boshqa hududlari | 160 000 so‘m | 280 000 so‘m |
| Xorijiy ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalari | 320 000 so‘m | 560 000 so‘m |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari haqida yozgan edi.