O‘zbekistonliklar uchun yana 3 ta davlatga ID-karta orqali borish imkoni yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston 2028-yilgacha Markaziy Osiyodagi kamida uchta qo‘shni davlat bilan fuqarolarning ID-karta orqali chegaralarni erkin kesib o‘tishini nazarda tutuvchi kelishuvlarga erishishni rejalashtirmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasida ma’lum qilingan.
Unga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligiga Markaziy Osiyo mintaqasida amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish vazifasi yuklatilgan. Xususan, 2026 – 2027-yillar davomida kamida uchta davlat bilan ID-kartalar asosida fuqarolarning chegaralardan erkin o‘tishini ta’minlaydigan kelishuvlarga erishish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, hujjatda Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini hozirgi $11 milliarddan $15 milliardga yetkazish maqsadi ham belgilangan.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklar vizasiz borishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni 50 taga yetkazilishi haqida yozgandi.