
Samsung kompaniyasining qo‘shma bosh direktori TM Roh global xotira tanqisligi yangi bosqichga chiqqanini va bu deyarli barcha iste’mol elektronikasiga ta’sir etishini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, muammo faqat smartfonlar bilan cheklanmaydi, balki barcha Samsung qurilmalari: muzlatkichlar va boshqa maishiy texnika segmentlarini ham qamrab oladi.
Top-menejer bozor hozir misli ko‘rilmagan holatda ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bunday vaziyatda hech bir kompaniya o‘zini xavfsiz his qila olmaydi. Xotira inqirozi mobil qurilmalar bilan birga keng turdagi iste’mol elektronikasiga bosim o‘tkazmoqda. TM Roh mahsulotlar narxining oshishi deyarli muqarrar ekanini tan oldi, biroq Samsung xaridorlar uchun oqibatlarni imkon qadar yumshatishga harakat qilishini bildirdi.

Bozorda xotira chiplariga bo‘lgan narxlar tez sur’atda ko‘tarilmoqda va 2026-yilning birinchi choragida o‘sish 50 foizga yetishi kutilmoqda. Samsung va SK Hynix kabi yirik ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarish quvvatlarini talab darajasida kengaytirishga ulgurmayapti. Yangi hajmlarning asosiy qismi sun’iy intellekt loyihalariga yo‘naltirilayotgani sababli iste’mol bozoriga cheklangan resurslar qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S27 Ultra qanday kamera bilan chiqishi haqida yozgan edi.