Starlink Venesuelada bepul internet xizmatini taqdim etmoqda

Ilon Maskga tegishli Starlink kompaniyasi AQShning Venesueladagi harbiy operatsiyasi va Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi ortidan mamlakatda bepul internet xizmatini taklif qilmoqda.
Starlink xizmat kreditlarini Venesueladagi ham faol, ham nofaol hisoblarga qo‘shganini ma’lum qildi. Biroq tarmoqqa ulanish uchun foydalanuvchilar alohida uskunani sotib olgan bo‘lishlari talab etiladi.
Xabarlarga ko‘ra, AQSh reydidan so‘ng poytaxt Karakas va unga yondosh Miranda shtatida elektr hamda internet ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.
«Hozirgi vaqtda bizning asosiy e’tiborimiz yangi va mavjud mijozlar uchun bepul xizmat kreditlari bilan Venesuela xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun ulanishni ta’minlashga qaratilgan», – deyiladi kompaniya bayonotida.
Starlink avvalroq 2022-yilda Rossiya bosqini sababli infratuzilmasi shikastlangan Ukrainada va senzura cheklovlarini aylanib o‘tish uchun Eronda ham internet xizmatlarini taqdim etgan edi. Ayni paytda Xitoy Starlinkning dominantligiga javoban Qianfan (SpaceSail) kabi o‘zining past orbitali sun’iy yo‘ldosh tizimlarini rivojlantirishni tezlashtirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan SpaceX’ning Starlink sun’iy yo‘ldoshi Yer tomon nazoratsiz pasaya boshlagani haqida xabar bergan edi.