Tojikistondan olib kirilgan 32 kg giyohvandlik moddasi musodara qilindi

Toshkent va Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan jami 32 kilogrammga yaqin giyohvandlik moddasi musodara qilindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Tojikistondan giyohvandlik vositalari kontrabandasi olib kirish va sotish bilan shug‘ullanib kelgan, 1984-yilda tug‘ilgan fuqaroning Qo‘qon shahridagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi. Natijada 4 kg 572 gramm opiy hamda 1 kg 58 gramm gashish moddasi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, unga tojikistonlik giyohfurushlar tomonidan «WhatsApp» messenjeri orqali yuborilgan geolokatsiya asosida Dang‘ara tumani hududiga oldindan yashirib ketilgan 9 kg 980 gramm opiy moddasi ham topildi.
Bundan tashqari, giyohvandlik vositalarini qayta ishlab, iste’molga tayyor holatga keltirishda yordam bergan, 1969-yilda tug‘ilgan Qo‘qon shahrida yashovchi shaxs o‘z xonadonida noqonuniy narkolaboratoriya tashkil qilgani aniqlandi. Undan 7 kg 226 gramm opiy moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Yana bir holatda Qo‘qon shahrida harakatlanib kelayotgan, 1980-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi «Lacetti» rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, transport vositasidan 5 kg 22 gramm opiy moddasi topildi. Mazkur modda $34 mingga sotib olingan. Tezkor tadbirlar davom ettirilib, narkotikni sotgan 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro hamda uning jinoiy sherigi bo‘lgan, 1985-yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi qo‘lga olindi. Tojikiston fuqarosining O‘zbekiston tumanidagi xonadonidan yana 2 kg 362 gramm opiy moddasi topildi.
Qo‘qon shahrida qayd etilgan yana bir holatda «Nexia» rusumli avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilib, unda yo‘lovchi bo‘lib ketayotgan, 1992-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli sumkadan 982 gramm gashish moddasi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, u mazkur giyohvandlik vositasini Tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan oldindan yashirib ketilgan maxfiy joydan olgan.
Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 2000-yilda tug‘ilgan shaxs Tojikistondan olib kelingan 989 gramm gashish moddasini 150 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX marmar toshlar orasiga giyohvandlik moddalari yashirgan shaxslarni ushlagani haqida xabar bergan edik.