Toshkent aeroportiga 30 ta nogironlar aravachasi keltirildi

Toshkent xalqaro aeroportiga ijtimoiy tashabbus doirasida 30 ta ixtisoslashtirilgan nogironlar aravachasi taqdim etildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, aravachalar Uzbekistan Airports va Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish korxonasi o‘rtasida fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish hamda qulay muhit yaratishga qaratilgan hamkorlik memorandumi asosida yetkazib berilgan.

Mazkur maxsus aravachalar harakatlanish imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar tomonidan aeroportining kelish va jo‘nash zallarida, shuningdek, ichki aviaqatnovlar terminalida bepul foydalanish uchun mo‘ljallangan. Ular terminallar ichida harakatlanishni yanada qulay va xavfsiz qilishga xizmat qiladi.
«Barcha yo‘lovchilar uchun qulay muhit yaratish bizning ustuvor vazifalarimizdan biridir. Ushbu ixtisoslashtirilgan nogironlar aravachalari sayohatni hamma uchun qulay va xavfsiz qilish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamdir», — deyiladi Uzbekistan Airports axborotida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tunda Toshkent aeroportida 20 daqiqa «svet» o‘chgani haqida yozgandi.