Ustozlarni Yangi yil arafasida navbatchilikka majburlagan direktor ishdan olindi

Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining xabar berishicha, Buvayda tumanidagi 37-maktab direktori lavozimidan ozod etildi.
Uning ishdan olinishiga 2025-yil 25-dekabrdan 2026-yil 6-yanvarga qadar pedagoglarni tunu kun navbatchilikka jalb qilgani sabab bo‘lgan. O‘qituvchilar 5 kunlik rasman dam olish kunlarida ham ikki smenada maktabda qolishga majburlangan.
Olib borilgan o‘rganishlarda maktab direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxs pedagogik jamoaga ularning lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifa yuklagani, amaldagi tartiblarga zid ravishda navbatchilik qilishlarini talab etgani o‘z isbotini topgan. Shu sababli 6-yanvar kuni direktor ishdan bo‘shatilgan.
Avvalroq «Kursiv» Sirdaryoda o‘zbek so‘midan tamaki yoqishda foydalangan xorijliklar ishdan bo‘shatilgani va jarimaga tortilgani haqida yozgandi.