
Vivo kompaniyasi tomonidan Vivo Y50s va Vivo Y50e smartfonlari rasman taqdim etildi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, qurilmalar faqat xotira turi va zaryadlash tezligida farq qiladi. Har ikki smartfon 6,74 dyuymli IPS displey bilan jihozlangan. Ekran HD+ aniqlikka ega va 90 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Protsessor sifatida MediaTek Dimensity 6300 chipi tanlangan. Batareya sig‘imi 6000 mA/soatni tashkil qiladi.
Kamera qismi soddaroq yechimga ega. Asosiy kamera 13 megapiksel, old kamera esa 5 megapiksel. Qurilmalar IP64 darajasidagi chang va suv sachrashidan himoyaga ega. Smartfonlar Android 15 asosida ishlaydi va OriginOS 5 interfeysi bilan taqdim etiladi. Shuningdek, 3,5 mm naushnik razyomi va infraqizil port ham saqlab qolingan.

Vivo Y50e modeli $215 dan boshlanadi. U eMMC 5.1 sekinroq xotirasiga ega va faqat 15 Vt quvvatda zaryadlanadi. Operativ xotira 6 GB, ichki xotira esa 128 GB etib belgilangan. Vivo Y50s esa qimmatroq variant hisoblanadi va uning boshlang‘ich narxi $260 ni tashkil etadi. Bu model tezroq UFS 2.2 xotirasi va 44 Vt quvvatli zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Eng yuqori talqinda 12 GB operativ va 256 GB doimiy xotira taklif qilinadi.
Yangi modellarning asosiy ustunligi katta batareya va zamonaviy 5G platformasi bo‘lib, ular budjet segmentida uzoq ishlash va barqaror aloqa izlayotgan foydalanuvchilarga mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Vivo X200T smartfoni qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.