Xpeng G7 EREV avtomobili qanday imkoniyatlarga ega bo‘ladi

6-yanvar 2026 14:58 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Xpeng

Xpeng kompaniyasi yangi Xpeng G7 EREV krossoveri haqida yangi texnik tafsilotlarni e’lon qildi. Kompaniya modelda sun’iy intellekt yordamida shovqin va tebranishni keskin kamaytirishga e’tibor qaratgan.

G7 EREV’da ENC va RNC tizimlari standart bo‘ladi. ENC dvigatel va generator kabi ichki agregatlardan chiqadigan shovqinni bostiradi. RNC esa yo‘l va shina shovqinini kamaytirishga xizmat qiladi. Sun’iy intellekt bilan birgalikda bu tizimlar elektr rejimidan benzin generatori ishlash rejimiga o‘tishni yanada silliq qiladi. Ayrim sharoitlarda tebranish darajasi 50 foizgacha kamayishi aytilmoqda.

Krossover kuzovi va salonining 90 foizdan ortiq qismi shovqin yutuvchi materiallar bilan qoplangan. Range-extender moduli mexanik jihatdan takomillashtirilgan. Kompaniyaga ko‘ra, uning shovqin darajasi odatiy yechimlardan taxminan 10 foiz past.

Foto: Xpeng

Texnik ko‘rsatkichlar ham e’tiborga loyiq. Batareya sig‘imi 55,8 kVt/soat. Yonilg‘i baki 60 litr. Umumiy yurish masofasi 1 704 km gacha yetadi. To‘liq elektr rejimida esa 430 km yo‘l bosish mumkin.

Rasmiy ma’lumotlarda EREV versiyasi uchun 218 kVt quvvatga ega elektromotor ko‘rsatilgan. Tasdiqlangan elektr yurish zaxirasi 325 kmni tashkil etadi. O‘lchamlari: uzunligi 4 918 mm, kengligi 1 925 mm, balandligi 1 655 mm, g‘ildirak bazasi 2 890 mm. EREV talqini BEV versiyasidan 26 mm uzunroq.

Xpeng G7 EREV Xitoyda 8-yanvar, Yevropada esa 9-yanvar 2026-yilda taqdim etiladi. Narxlar hozircha e’lon qilinmagan. Xitoyda G7 BEV modeli 195 800 yuandan 225 800 yuangacha baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xpeng P7+ avtomobili qachon savdoga chiqarilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek