
Xpeng kompaniyasi 2026-yilgi Xpeng P7+ modelining Graz shahridagi zavodida sinov ishlab chiqarishini yakunladi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Kompaniya avtomobilni Yevropa bozori talablariga mos holda tayyorlamoqda. Yangi Xpeng P7+ avval Xitoyda 8-yanvar kuni taqdim etiladi. Shundan so‘ng avtomobil 9-yanvardan boshlab Yevropa bozoriga rasman chiqadi. Bu brendning Yevropadagi kengayish strategiyasida muhim bosqich sifatida baholanmoqda.

2026-yilgi P7+ tashqi dizayn jihatidan amaldagi modelga yaqin qolgan. Old qismda brendga xos bo‘lgan ikkiga bo‘lingan optika saqlanib qolgan. Yuqori qismda yulduzsimon yorug‘lik chizig‘i, pastda esa uzoq va yaqin nurli faralar joylashgan. Orqa tomonda yengil ducktail spoyler saqlangan.
Yangilanishlar orasida fonarlarga integratsiya qilingan ko‘k rangli yordamchi chiroq va POWER X yozuvi bor. Bu elementlar kengaytirilgan yurish zaxirasiga ega versiyani anglatuvchi belgilar hisoblanadi.
Salon dizayni umumiy tuzilmani saqlab qolgan bo‘lsa-da, rang variantlari kengaytirilgan.

Texnik jihatdan esa 8,8 dyuymli raqamli asboblar paneli, 29 dyuymli proeksiya displeyi, yashirin havo yo‘llari, yulduzsimon ambient yoritish, mikrofibr qoplamali simsiz quvvatlash paneli, shift qoplamasi va elektron qulflanuvchi qo‘lqop qutisi joriy etilgan.
Xpeng ma’lumotiga ko‘ra, avtomobil ichki qulaylik va ergonomika bo‘yicha sezilarli darajada takomillashtirilgan. Umumiy hisobda 104 ta foydalanuvchi tajribasi yaxshilanishi va asosiy komponentlar bo‘yicha 36% yangilanish amalga oshirilgan. Bu o‘zgarishlar interfeys aniqligi va funksional qulaylikka qaratilgan.
Texnik qismda katta o‘zgarish yo‘q. 2026-yilgi P7+ to‘liq elektr va kengaytirilgan yurish zaxirasiga ega gibrid talqinlarda taklif etiladi. Range-extended versiyada umumiy yurish masofasi 1 550 km gacha yetadi. To‘liq elektr talqinda esa bir zaryad bilan 725 km masofa bosib o‘tiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xpeng P7+ EREV sedanining yangi dizayniga oid tasvirlar e’lon qilingani haqida yozgan edi.