2025-yilda O‘zbekistonga investitsiyalar hajmi 24 foizga oshdi

2025-yilda O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi $43,1 mlrdga yetdi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga ko‘p.
Investitsiyalarning asosiy qismini to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar tashkil etdi. Ularning hajmi $38,2 mlrdni tashkil qildi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari tomonidan $4,9 mlrd mablag‘ jalb etildi.
Yil davomida O‘zbekiston bozoriga bir qator yetakchi jahon brendlari kirib keldi. Bu mamlakat iqtisodiyotiga bo‘lgan qiziqish va ishonch ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Xitoy, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va BAA bilan iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlandi. Vazirlik ushbu davlatlar bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar investitsiyalar oqimini kuchaytirganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda 12 mlrd so‘m investitsiya evaziga gastronomik ko‘cha ochilgandi. Hududda 50 ta savdo, xizmat ko‘rsatish va ovqatlanish obyekti tashkil qilindi. Natijada 120 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi.