2027-yilda O‘zbekistonda ilk pullik avtomobil yo‘llari ishga tushadi

O‘zbekistonda ilk bor pullik avtomobil yo‘llari 2027-yilda ishga tushiriladi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, yaqin besh yil ichida umumiy uzunligi 130 kilometr bo‘lgan pullik avtomobil yo‘llari qurilishi rejalashtirilgan. Ular, xususan, Toshkent – Samarqand hamda Toshkent – Farg‘ona vodiysi yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Rejaga muvofiq, 2027-yilda dastlabki 50 kilometr pullik yo‘l foydalanishga topshiriladi. Keyingi yillarda bu ko‘rsatkich bosqichma-bosqich oshib boradi: 2028-yilda – 75 km, 2029-yilda – 100 km, 2030-yilga kelib esa 130 kilometrga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Yangi Andijon – Xonobod» yo‘nalishida pullik yo‘l qurilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, pullik yo‘llarda 150 km/soat tezlikka ruxsat berilishi mumkinligi haqida ham xabar berilgandi.
Bundan tashqari, sentabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi hamda ma’qullanib, Senatga yuborgandi.
Mazkur qonun loyihasida avtomobil yo‘llarini rejalashtirish mexanizmini joriy etish, yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos rivojlantirish belgilandi. Shuningdek, yo‘llarni loyihalashda aholi fikri, atrof-muhitga ta’sir va piyodalar uchun qulaylikni ta’minlash talablari mustahkamlandi.